“Toshkent-Jizzax” yo‘nalishidagi temir yo‘l uchastkalarida qishning sovuq kunlarida poyezdlar harakat xavfsizligini ta’minlashga ko‘rilgan tayyorgarliklar ko‘zdan kechirildi.
“Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi boshlig‘i Oybek Xudoyqulov boshchiligidagi ishchi guruh 6 dekabr kuni, ya’ni “Harakat xavfsizligi kuni”da “Toshkent-Jizzax” yo‘nalishidagi temir yo‘l uchastkalarini ko‘zdan kechirib, Jizzax stansiyasi hamda ushbu hududdagi ayrim korxonalarga tashrif buyurishdi.
Joriy yil 9-14 dekabr kunlari yurtimizda havo haroratining keskin pasayishi kutilmoqda. Ishchi guruh tomonidan jamoalarning qish mavsumiga ko‘rgan tayyorgarliklari, harakat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirgan ishlari ko‘zdan kechirildi.
Uzel boshlig‘i barcha mas’ul xodimlarga qishning sovuq kunlarida poezdlar harakat xavfsizligini ta’minlash, bino va inshootlarning isitish tizimlarini doimiy ravishda nazorat qilib borish, shuningdek, ishchi xodimlarning salomatligiga e’tiborni yanada kuchaytirish borasida topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Shu kuni, Uzel boshlig‘i O. Xudoyqulov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisining 2023 yil 6 sentabrdagi 692-N-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida, Jizzax stansiyasi hamda ushbu hududdagi korxonalar ishchi xodimlarining attestatsiya topshirish jarayonlarini ham borib ko‘rdi.