HARAKAT XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH YO‘LIDA
PAXTA- OLMAZOR STANSIYALARI ORALIG‘IDA QARIYIB 1 KILOMETR TEMIR YO‘L REABILITATSIYA QILINDI
Toshkentdan-Jizzaxgacha bo‘lgan temir yo‘l uchastkasi, poyezdlar eng ko‘p qatnovini amalga oshiradigan hududdir. Ayniqsa, yuk va yo‘lovchi poyezdlardan tashqari, barcha yuqori tezlikda harakatlanadigan "Afrosiyob" zamonaviy elektropoyezdlar ushbu temir yo‘l uchastkasidan qatnovini amalga oshiradi.
Aytish joizki, po‘lat izlarning, aloqa hamda kontak tarmoqlarining sozligi poyezdlar harakat xavfsizligini ta’minlashda juda katta ahamiyatga ega.Shu bois, temir yo‘lchilar tomonidan bunga doimiy ravishda e’tibor qaratib kelinadi.
Kuni kecha "Toshkent MTU" unitar korxonasiga qarashli Paxta-Olmazor stansiyalari oralig‘ida qariyib 1 km temir yo‘l reabilitatsiya qilingani bunga yaqqol misol bo‘ladi.
Reabilitatsiya ishlari, Toshkent temir yo‘l masofasi va 203- Tajriba yo‘l mashina stansiyasi, Signallashtirish va aloqa hamda Elektr ta’minot, Lokomotiv, "Temiryo‘lyonilg‘ita’min" xo‘jaliklari hamkorligida, poyezdlar harakatiga xalaqit bermasdan, ishlash uchun xavfsiz muhit yaratilib, mehnat muhofazasiga rioya qilgan holda bajarildi.
6 soat davom etgan ushbu jarayonda Paxta-Olmazor stansiyalar oralig‘ining 3412 km 1- piketidan 3413 km 1- piketigacha bo‘lgan po‘lat izlar sifatli qilib to‘liq reabilitatsiya qilindi.
Ayni damda ushbu temir yo‘ldan poyezdlar qatnovi amalga oshirilmoqda.