"Oq-ko‘prik" stansiyasida yangi qurilgan po‘lat izlardan yuk poyezdlar harakati boshlandi.
Mazkur stansiyada hozirgi kungacha jami 4 ta temir yo‘l izlari mavjud edi. "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ rahbariyatining sa’y harakati bilan, joriy yil 17 oktabr kuni ushbu stansiyada bosqichma-bosqich po‘lat izlar sonini oshirish borasida amaliy ishlar boshlandi.
25 kun ilgari boshlangan, uzunligi 1200 metrdan ziyod bo‘lgan mazkur temir yo‘l qurilishining birinchi bosqichi nihoyasiga yetkazildi va bugundan ushbu temir yo‘lda yuk poyezdlar harakati boshlandi. Bu bilan stansiyadagi po‘lat izlarning soni yana bittaga ko‘paydi.
Ayni kunda temir yo‘lchilar ushbu stansiya hududida yana bitta temir yo‘l liniyasini qurish ishlarini boshlab yubordilar. Bugun “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchisi Zufar Narzullaev boshchiligidagi ishchi guruh “Oq- ko‘prik” stansiyasiga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Jamiyat rahbari stansiya hududida qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni hamda qurilishning navbatdagi bosqichini ham qisqa muddatda, sifatli qilib yakunlash borasida mas’ul rahbar va xodimlarga vazifalar, tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Qurilishning ikkinchi bosqichida bunyod qilinayotgan temir yo‘lning uzunligi ham 1200 metrdan ziyodni tashkil qiladi deydi,- “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” Unitar korxonasi boshlig‘i Sirojiddin Norqabilov.
Qurilish jarayoni qizg‘in davom etmoqda. Barcha zarur texnika, mutaxassislar, ishchi xodimlar jalb qilingan. Bu yangi yo‘limizni foydalanishga topshirsak, stansiyadagi po‘lat izlarning soni 6 taga yetadi. Bu esa qo‘shni davlatlardan mamlakatimizga kirib kelayotgan yuk poyezdlarining sonini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Jumladan, bugungi kunda ushbu stansiya orqali bir sutkada 28-30 juft yuk poyezdi qabul qilinayotgan bo‘lsa, po‘lat izlar ko‘payishi bilan poyezdlar sonini 45 tagacha oshirish imkoni yaratiladi. Bundan tashqari yuklarni o‘z vaqtida manziliga yetkazib berishda ham muhim o‘rin tutadi.