Harakat xavfsizligi kunida
“Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK ning temir yo‘l uchastkalarida mehnat muhofazasi muhandislari tomonidan o‘quv texnik mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Temir yo‘l uchastkalarida ishchi xodimlar bilan uchrashuvlar tashkil qilish, ularning shart sharoitlarini ko‘zdan kechirib, muammo va kamchiliklarini o‘rganish, ularni bartaraf qilish choralarini ko‘rish, bilim va tajribalarini yanada oshirib borish, poezdlar harakat xavfsizligini ta’minlashda o‘zining ijobiy samarasini beradi.
Temir yo‘l tarmog‘ida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Harakat xavfsizligi kuni”da Uzelning mehnat muhofazasi bo‘limi xodimlari va korxonalar bosh muhandislari hamda mehnat muhofazasi muhandislari tomonidan joylarda o‘quv texnik mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
10 yanvar kuni, ana shunday mashg‘ulotlar Uzelning mehnat muhofazasi bo‘limi boshlig‘i Sh. Ochilov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Sirdaryo, Baxt, Oq oltin va Guliston stansiyalarida va ularning oralig‘ida faoliyat olib borayotgan, Uzelga qarashli PCh-4, ECh-2 va ShCh-3 korxona ishchi xodimlari ishtirokida tashkil qilindi.
E’tiborli tomoni shundaki, o‘quv texnik mashg‘ulotlarning aksariyati ishchi xodimlarning ish faoliyati jarayonida o‘tkazildi. Uchrashuvlarda mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, poezdlar harakat xavfsizligini ta’minlashda uchraydigan nuqsonlar va ularning oldini olish chora tadbirlari borasida atroflicha so‘z yuritildi va tushuntirish ishlari olib borildi.
Ishchi guruh tomonidan, PCh-4 korxonasiga qarashli 3446 km PK-1 da joylashgan temir yo‘l kesishmasi va ECh-2 korxonasiga qarashli EChK-7 bo‘linmalarida mehnat muhofazasi qoidalariga rioya qilish va yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, o‘quv texnik mashg‘ulotlar, Mehnat muhofazasi muhandisi A.Farmonov tomonidan Keles, Nazarbek, Dalaguzar stansiyalariga qarashli temir yo‘l uchastkalarida, Uzelga qarashli Salar temir yo‘l masofasi korxonasi yo‘l ustalari, yo‘l brigadirlari va yo‘l sozlovchilari ishtirokida tashkil qilindi. Unda poezdlar harakat jadvallari, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi hamda harakat xavfsizligi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Texnik mashg‘ulotlar amaliy tarzda o‘tkazilgan jarayonda, ishchi xodimlarga Mehnat muhofazasi muhandisi tomonidan kamchiliklar ko‘rsatilib, uni barartaraf qilish choralari haqida ma’lumotlar berildi.