“Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli Chuqursoy stansiyasi hududida “O‘zbekiston” lokomotiv deposining “Chuqursoy” filiali foydalanishga topshirildi.
Majmuaning ochilish marosimida “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari v/b A.Komiljonov boshchiligida jamiyatning boshqarma boshliqlari, “Temiryo‘linfratuzilma”AJ hamda “Toshkent MTU” UK rahbariyati va bo‘lim boshliqlari, shuningdek, mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, hozirgi kunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibida lokomotivlarga texnik xizmat ko‘rsatadigan 20 ga yaqin korxona mavjud. Bugun ularning soni yana bittaga ko‘paydi. “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli Chuqursoy stansiyasi hududida “O‘zbekiston” lokomotiv deposining “Chuqursoy” filiali foydalanishga topshirildi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bu korxonaning aynan ushbu hududda bunyod qilinishi bejiz emas. Chuqursoy stansiyasi jamiyat tarkibidagi eng yirik saralash stansiyasi hisoblanadi. Qozog‘istondan yurtimizga kirib keladigan hamda yurtimizdan Qozog‘istonga chiqib ketadigan poezdlar vagonlari aynan ushbu stansiyada saralanib jo‘natiladi. Shu bois, bu stansiyada ko‘p lokomotivlar, elektrovozlardan foydalaniladi.
Qariyib 0.70 gektar joyda bunyod qilingan texnik xizmat ko‘rsatish markazida bir sutkada 15 ga yaqin lokomotiv va elektrovozlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish imkoniyati mavjud deydi,- “O‘zbekiston” lokomotiv deposining elektrovozlarni ta’mirlash bo‘yicha sex boshlig‘i Jamshid Mirzaraxmedov.
Bu yerda asosan, TEM2, VL60K,O‘zbekiston,O‘z-yo‘lovchi,O‘Z-EI va O‘Z-EIR rusumli lokomotivlariga texnik xizmatlar ko‘rsatiladi. Korxonada ish ikki smenada tashkil etilgan bo‘lib, ya’ni 50 nafar malakali ishchi xizmatchi tunu kun faoliyat ko‘rsatishi rejalashtirilgan. Undan tashqari ishchilarga qulay shart sharoitlar yaratish maqsadida, o‘quv sinfi, ovqatlanish xonalari, faollar zali, navbatchilik hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish punktlari ham faoliyat ko‘rsatadi.
Endilikda ushbu stansiya va unga yaqin joylashgan barcha stansiyalardagi, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasidan kelayotgan yuk poezdlaridan ajratilgan lokomotivlarni qisqa vaqt mobaynida mazkur markazda texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi va tezroq lokomotivlarning texnik holati haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyati yaratiladi. Bu esa, ham elektr energiyani, ham yoqilg‘i moylash mahsulotlarini iqtisod qilish bilan birga, ortiqcha vaqt yo‘qotishni barataraf etadi. Endilikda lokomotivlarni qisqa vaqtda ta’mirlab, ko‘proq vaqt xalq xo‘jaligi yuklarini tashishga zamin yaratiladi.
Mazkur majmuaning ochilish marosimi davomida ushbu hududda “Temiryo‘linfratuzilma bog‘i” ham barpo qilindi.
“Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi tomonidan 232 ming tup ko‘chatni 2023-2026 yillar mobaynida 724 km masofaga ekish rejlashtirilgan bo‘lib, bugungi kungacha, 73 km masofaga 78 ming tup manzarali, mevali daraxt ko‘chatlari, buta va qalamchalar ekildi deydi,- “Toshkent MTU” UK hududiy yoshlar yetakchilar Kengashi raisi Saydulla Ergashev.
Shundan Uzel tarkibidagi 50 ta stansiya, 10 ta korxona va tashkilotda, Toshkent-Angren, Toshkent-Jizzax yo‘nalishidagi temir yo‘l uchastkalari yon atrofidagi hududlarda suv ta’minoti yaratilgan jami 3 ta bog‘, xususan, Toshkent viloyatida joylashgan temir yo‘l kesishmasi yaqinida "Yoshlar bog‘i", Sergeli tumani hududida "Mehnat muhofazasi bog‘i" tashkil etildi.
Hozirgi kunda “Toshkent-Jizzax” yo‘nalishidagi temir yo‘l uchastkasining 3600 kilometrida “Temiryo‘l infratuzilma” bog‘ini tashkil qilish borasida ham ishlar olib borilmoqda. Ushbu hududga jami 5000 tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.
Tadbir qatnashchilari jami 300 tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlarini ekdilar.