“Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi”
Qonun hujjatlarida korrupsiya tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan: “Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda, g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida, o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir”.
Xalq tilida soddagina qilib - poraxo‘rlik, keng ma’noda korrupsiya, deb ataluvchi hodisa barcha islohotlar ildiziga bolta urarkan, uni keltirib chiqaruvchi sabab va qarshi kurashish choralarini bilishimiz lozim bo‘ladi.
“Toshkent MTU” UK majlislar zalida o‘tkazilgan tadbirda bu haqda atroflicha so‘z yuritildi.
Tadbirda dastlab, Uzel boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jahongir Tuychiev so‘zga chiqib, “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ boshqaruv raisi v.b. Z.Narzullaevning korrupsiyaga qarshi kurashish borasida berilgan topshiriqlari hamda Uzelda qabul qilingan buyruqlar mazmun-mohiyati, ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Ma’lumki jamiyat taraqqiyoti ezgu maqsad atrofida jipslik, adolatli va teng huquqli boshqaruv va halollik mezonlarida qurilishini talab etadi. Shu ma’noda davlatchiligimiz umuman har qanday boshqaruv tizimi, siyosiy jarayonlar Korrupsiya va shu kabi illatlarning kelib chiqishi, ularga qarshi kurashish dasturlarining tub negizlari haqida chuqurroq bilimlarni talab etadi. Uzel bo‘lim boshliqlari, Kasaba uyushma hududiy qo‘mitasi hamda stansiyalar va korxonalar vakillari ishtirok etgan ushbu tadbirda,Toshkent davlat yuridik universiteti “Davlat va huquq nazariyasi” kafedrasi mudirasi, yuridik fanlari doktori, professor Feruza Muhitdinova so‘zga chiqib, korrupsiya o‘z tizimli boshqaruviga ega mamlakatlar, ularning rivojlanish yo‘li, qonun va qarorlarning hayotimizga ta’siri haqida batafsil to‘xtalib
Insoniyat tarixida davlatlar shakllangandan buyon korrupsiya ularni ichdan yemiradigan ijtimoiy illat sifatida vujudga keldi, hokimiyat va boylik uchun hirslar ta’sirida rivoj topdi. Hozir avj olib borayotgan globallashuv jarayonida bu dahshatli illatning bir davlat emas, butun bir mintaqa yoki jahon taraqqiyotiga tahdid soluvchi turi - xalqaro korrupsiya paydo bo‘ldi, dedi- professor F. Muhitdinova. U demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishiga olib keladi, iqtisodiy rivojlanishni izdan chiqaradi, jamiyat va davlat uchun o‘ta xavfli bo‘lgan uyushgan jinoyatchilik va terrorizmning keng yoyilishiga sharoit yaratib beradi.
Korrupsiya so‘zi - lotincha “pora berib sotib olish” ma’nosini anglatib, mansabdor shaxslar tomonidan ularga berilgan huquq va imkoniyatlardan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanishni ifodalovchi siyosiy yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyat tushuniladi.
Pora berish dunyoning barcha dinlari tomonidan ham qoralangan. Jumladan, Qur’onda: “Bir-birlaringizning mulklaringizni nohaq o‘zlashtirib olmanglar va boshqalarning mulkini o‘zlashtirish niyatida qozilarga ribo bermanglar”, - deyilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi eng asosiy xalqaro hujjat bu - shubhasiz, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi mazkur xalqaro hujjatga qo‘shilgan.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizning kelajagini va obro‘-e’tiborini qadrlaydigan har bir vijdonli fuqaro bu tahdidni esda tutmog‘i darkor.
Korrupsiya muammosi va unga qarshi kurash masalasi hozirgi davrning eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Chunki bu illatning keng quloch yoyishi o‘ta salbiy oqibatlarga olib keladi.